O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining oilaviy majburiyatlarga ega ishchilar — erkaklar va ayollar — uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi.
Mehnat vaziri Nozim Xusanov mamlakat yutug‘ining 50 foizi bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yishga erishilganida bo‘lsa, qolgan 50 foizi uni saqlab qolishga bog‘liqligini aytdi. Senat raisi Tanzila Narbayeva esa “odamlar yaratilgan sharoitlar, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy himoya tizimidan qoniqishi kerakligini” ta’kidladi. Bunga erishish uchun O‘zbekiston xalqaro Better Work dasturidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ayrim sohalar bosqichma-bosqich 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi ham mumkin.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov respublikadagi barcha mahallada hokim yordamchisi lavozimiga moliya-iqtisodiyot sektori xodimlari majburan o‘tkazilayotganiga izoh berar ekan, «bu noqonuniy», deya ta’kidladi. «Hech kimni majbur qilishga haqqi yo‘q… Tazyiqlar bo‘ladigan bo‘lsa murojaat qilishi mumkin», — dedi u. Vazir shuningdek, kasbni erkin tanlash konstitutsiyaviy huquq ekanligini eslatib o‘tdi.
2020 yilning birinchi yarmida Davlat mehnat inspeksiyasiga mehnat munosabatlari buzilganligi to‘g‘risida 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularni o‘rganishi natijasida 3886 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 6,3 mlrd so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting